MDHning Ashxobod sammiti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 10-11-oktabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Sammitning asosiy tadbirlari 11-oktabr kuni bo‘ldi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Moldova Respublikasi Prezidenti Igor Dodon, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
Dastlab MDH davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Unda Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ushbu xalqaro tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Unda nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hamdo‘stlik doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi hamda sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratdi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi O‘zbekiston uchun, avvalo, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, turli tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, transport-logistika va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish, xavfsizlikni mustahkamlash, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish jihatidan manfaatlidir. So‘nggi yillarda mamlakatimizning ushbu tashkilotdagi ishtiroki ancha faollashdi. Joriy yilda yurtimizda MDHning ko‘plab tadbirlari o‘tkazildi.
Xususan, Toshkentda MDH Ichki ishlar vazirlari kengashi, Samarqandda Turizm bo‘yicha kengashi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda 2020-yilda MDHga raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tishi to‘g‘risidagi qaror barcha ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi 1991-yil 8-dekabrdagi MDHni tuzish to‘g‘risidagi bitim asosida tashkil qilingan. Ijroiya qo‘mita MDHning ijro etuvchi, ma’muriy va muvofiqlashtiruvchi idorasidir.
Qayd etish kerakki, mamlakatimiz Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning MDH Davlat rahbarlari kengashining Sochi va Dushanbe shaharlarida bo‘lib o‘tgan majlislaridagi ishtiroki yakunlari bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” tasdiqlangan.
Shuningdek, so‘nggi yillarda shartnomaviy-huquqiy baza va MDH doirasida mamlakatimiz hamkorligining holati inventarizatsiya qilinganini alohida qayd etish kerak.
MDH formatida O‘zbekistonning tashabbuslari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining yanada o‘sishi, turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, xalqaro va mintaqaviy transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligida sheriklikni faollashtirish, sanoat va agrar tarmoqlarga raqamli texnologiyalarni joriy etish, mintaqalararo va transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish, afg‘on muammosini siyosiy yo‘l bilan hal etish hamda madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishni qamrab oladi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammiti keng doiradagi muzokaralar bilan davom etdi.
Davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kompleks masalalarni muhokama qilib, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining 2020 yilda MDHga raisligi qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz raisligi davomida tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va samaradorligini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilishini ta’kidladi.
Hamdo‘stlikni yanada rivojlantirish konsepsiyasi va 2030-yilgacha bo‘lgan davrda iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini qabul qilishni jadallashtirish taklif etildi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, erkin savdo zonasi to‘liq ishlashini ta’minlash, ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish va uchinchi mamlakatlar bozorini o‘zlashtirish, agrar, energetika va telekommunikasiyalar tarmoqlaridagi hamkorlikni kengaytirish, ilmiy, innovatsion va ta’lim dasturlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Davlatimiz rahbari o‘n yilga mo‘ljallangan Transport va tranzit yo‘lakparini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini va Hududlararo hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.
Kelasi yili yurtimizda birinchi MDH hududlararo forumi bo‘lib o‘tadi, shuningdek, MDH savdo-sanoat palatalari rahbarlari kengashi majlisini o‘tkazish, uning doirasida Hamdo‘stlikning ishbilarmonlik tashabbuslari haftaligini tashkil etish taklifi bildirildi. Axborot xavfsizligi, madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha ham qator tadbirlar rejalashtirilgan.
Muzokaralar yakunida hujjatlar imzolandi. 2020-yilda MDHga raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tishi to‘g‘risida qaror, Strategik iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya, Sovet xalqining 1941 — 1945-yillarda Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqlari va xalqaro hamjamiyatga murojaati, 2020 — 2022 yillarda terrorizm, ekstremizm va zo‘ravonlikning boshqa ko‘rinishlariga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturi va boshqa hujjatlar qabul qilindi.
Sammit yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedev Turkmanistonning tashkilotga raisligi davrida barcha tadbirlar, jumladan, Ashxobod sammiti yuksak saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidladi. Sammitda MDH davlat rahbarlari tomonidan 8 ta muhim hujjat imzolangani haqida ma’lumot berdi. 2020-yilda MDHga raislik O‘zbekistonga o‘tganini bildirdi va ushbu mas’uliyatli vazifani bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi.
Shu bilan MDH Davlat rahbarlari kengashining Ashxobod sammiti nihoyasiga yetdi.
***
Sammit doirasidagi uchrashuvlar
MDH Davlat rahbarlari kengashining Ashxobod sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashdi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari bugun yuksak darajaga ko‘tarilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Uchrashuvda savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Prezidentlar bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasini ko‘rib chiqdilar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyanni qabul qildi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Hukumatlararo va idoralararo darajada o‘zaro almashinuvlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Xalqaro siyosat va ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasidagi hamkorlikka doir dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.
O'zA