O‘zbekiston: Deputatlar “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qildilar
Parlament quyi palatasining 2019-yil 22-oktabrda o‘tkazilgan majlisida “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi deputatlar tomonidan katta qiziqish bilan ko‘rib chiqildi.
Aytish joizki, birinchi o‘qishdagi muhokamadan keyinoq mazkur qonun loyihasi mas’ul qo‘mita a’zolari, deputatlar, mutaxassis va ekspertlar ishtirokida joylarda keng muhokamadan o‘tkazildi. Xalq bilan uchrashuvlarda maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari, ota-onalar, nuroniy keksalar tomonidan, avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yurtimizda “Tarbiya go‘daklikdan boshlanadi”, degan hikmatli so‘ziga amal qilib, ta’lim-tarbiya sohasidagi o‘zgarishlarni uning eng quyi bosqichi – maktabgacha ta’lim tizimidan boshlangani, yangidan-yangi zamonaviy bog‘chalar qurilayotgani mamnuniyat bilan e’tirof etilib, minnatdorlik bildirildi. Mazkur sohada ilgari mavjud bo‘lmagan qonun qabul qilinayotgani mamnuniyat bilan tilga olindi. Shu bois, nafaqat jamoatchilik, balki, deputatlar ham mazkur qonunni so‘zsiz qabul qilish lozim degan qat’iy to‘xtamga keldilar.
Darhaqiqat, maktabgacha ta’lim sohasi uzluksiz ta’lim tizimining birlamchi bo‘g‘ini o‘laroq, har tomonlama sog‘lom, barkamol shaxsni tarbiyalash hamda farzandlarimizni maktabga tayyor holda yetkazib berayotgani g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim va tarbiyani tubdan isloh etish maqsadida sohani yanada takomillashtirish, samarali boshqaruv tizimini tashkil etish borasida bir qator amaliy chora-tadbirlar ko‘rildi. Davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda kengaytirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, shu orqali maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, ma’naviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar qilindi.
E’tiborli jihati, ko‘rilgan choralar natijasida, yurtimizda davlat-xususiy sherikligi, autsorsing kabi zamonaviy mexanizmlar birinchi bo‘lib aynan maktabgacha ta’lim tizimiga keng ko‘lamda, samarali va sifatli joriy qilindi. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan bir qatorda, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ham shiddat bilan rivojlanib, ular soni muttasil ko‘payib bormoqda.
— Joylarda aholi, saylovchilar bilan uchrashuvlarimiz chog‘ida, ayniqsa, mazkur qonun loyihasining jamoatchilik o‘rtasida muhokamasini o‘tkazgan paytlarimizda odamlar bugun bog‘chalarning ko‘payayotganidan mamnun ekanliklarini qayta-qayta aytmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Rahmonov. — Sababi, bog‘chalar soni ortib, qamrovi kengaymoqda. Bog‘chada tarbiyalangan bola bilan u yerda bo‘lmagan bolaning tarbiyasida, dunyoqarashida juda katta farqni sezasiz. Shu jihatdan, davlatimiz rahbarining oqilona siyosati sabab bugun ta’limda uzluksizlikni ta’minlash maqsadida aynan shu tizimga katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Biz deputatlar buni chuqur anglagan holda, mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun qabul qilish nechog‘li muhim ekanini yaxshi bilamiz.
Xo‘sh, bu qonun loyihasi xalqimizga nima beradi? Avvalo, u bolalarimizni har tomonlama yetuk, intellektual salohiyatli etib tarbiyalash, ma’naviy-estetik, jismoniy jihatdan rivojlantirishga, mamlakatimizda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobatni vujudga keltirish orqali maktabgacha ta’lim bilan bolalar qamrovi ko‘lamini bosqichma-bosqich oshirishga, ularga soliq imtiyozlari va preferensiyalar, byudjet subsidiyalarni ajratish hamda maktabgacha ta’lim-tarbiyaning muqobil shakllarini joriy etishga ko‘maklashadi.
Ana shulardan kelib chiqib, majlisda “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonun deputatlar tomonidan katta ko‘tarinkilik bilan qabul qilindi va ma’qullash uchun Senatga yuborishga qaror qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi