Sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga oid vazifalar ijrosi koʻrib chiqildi
2019-yilning 23-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sanoatni rivojlantirish, neft-gaz mahsulotlari ishlab chiqarish va isteʼmolchilarga muntazam yetkazib berish borasidagi ishlar tahliliga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Majlis avvalida mutasaddilar joriy yilning 9 oyida ishlab chiqarish hajmi, prognoz parametrlarining bajarilishi boʻyicha hisobot berdi. Qayd etilganidek, shu vaqt mobaynida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 234,7 trillion soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 7 foizga oʻsgan. Buning 6,5 foizi iqtisodiyot “drayveri” – ishlab chiqaradigan sanoat hissasiga toʻgʻri kelgan.
Xususan, avtomobilsozlikda katta oʻsish surʼatlari taʼminlangan. 2018-yilning mos davriga nisbatan yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 40 foiz, yuk mashinalari 33 foiz, avtobuslar 3,8-marta, avtomobil dvigatellari 45 foiz oshgan.
Boshqa tarmoqlar boʻyicha olganda, trikotaj mato ishlab chiqarish 26 foizga, charm mahsulotlari 22 foizga, sement 18 foizga, kabel-oʻtkazgichlar 23 foizga, isteʼmol tovarlari hajmi qariyb 16 foizga oʻsgan.
Hududlar kesimida eng ilgʻor koʻrsatkichlar Andijon, Namangan, Xorazm, Samarqand, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida qayd etilgan.
Davlatimiz rahbarining kichik biznes rivojiga eʼtibori, bu borada qabul qilingan farmon va qarorlari natijasida yurtimizda tadbirkorlik muhiti tubdan yaxshilandi.
Buni joriy yil boshidan buyon jami 72 ming 400 ta, sanoat tarmoqlarida 16 mingga yaqin yangi kichik biznes korxonalari tashkil qilinganida ham koʻrish mumkin. Jami kichik sanoat korxonalari soni 2018-yilning mos davriga nisbatan 25 foizga koʻpaygan.
Tadbirkorlarning sanoatdagi ulushi ham sezilarli ortmoqda. Joriy yilning 9 oyida kichik biznes korxonalari tomonidan jami 81 trillion soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan boʻlib, bu jami sanoat ishlab chiqarishining 34,5 foizini tashkil qiladi.
Sanoat rivoji eksport hajmining 24 foizga koʻpayishini taʼminladi. Jumladan, yengil avtomobillar eksporti 3,3-marta, avtobuslar 2 barobar, yuk avtomashinalari 1,5 karra, transformator va akkumulyatorlar 2,7-marta, kabel-oʻtkazgich mahsulotlari 2,2 baravar, poyabzal 2,1 karra oshgan. Tayyor trikotaj va tikuvchilik mahsulotlari 25, trikotaj mato 31, tayyor toʻqimachilik mahsulotlari 38, oziq-ovqat mahsulotlari 14, rangli metallar va ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotlar 45, qora metalldan ishlab chiqarilgan mahsulotlar 54 foiz oshgan.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga sanoat tarmoqlaridagi holatni doimiy ravishda tahlil qilib borish, muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish, hududlarning sanoat salohiyatini yanada oshirishga turtki beradigan tizim yaratish yuzasidan topshiriq berildi. Bunda kichik va oʻrta biznes korxonalari bilan ishlashga alohida ahamiyat qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda neft-gaz tarmogʻidagi ishlar holati ham tahlil qilindi. Soʻnggi yillardagi keng qamrovli institutsional islohotlar doirasida neft-gaz tarmogʻida boshqaruv samaradorligini oshirish va tizimni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ahamiyati taʼkidlab oʻtildi.
Bu borada, sohadagi ayrim muammolar, belgilangan loyihalarni amalga oshirishdagi kamchiliklar muhokama qilindi. Yil yakuni boʻyicha ehtimoli boʻlgan qoloqliklar oʻrnini toʻldirish, shuningdek, 2020-yilda neft, neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hamda taqsimlash prognoz koʻrsatkichlarini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Bunda uglevodorod xomashyosini qazib olish va qayta ishlash hajmini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va eksportga yoqilgʻini uzluksiz yetkazib berish, texnologik sarf-xarajat va yoʻqotishlarni kamaytirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Energetika vazirligi va neft-gaz tarmogʻi korxonalari rahbarlariga neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hamda ularni iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yetkazib berish prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishini taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish, jalb qilinayotgan mablagʻlarni maqsadli ishlatish, neft-gaz mahsulotlari eksporti hajmlarini oshirish uchun qoʻshimcha zaxiralarni shakllantirish, quduqlar kesimida qazib chiqarish hajmlarini nazorat qilish va hisobini yuritish tizimini joriy etish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklandi.
Mazkur vazifalarni muvofiqlashtirish uchun Hisob palatasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Energetika vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar rahbarlaridan iborat tarkibda Ishchi guruh tuzish taklif qilindi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot tayyorlash, bunda mamlakatimiz isteʼmolchilarini yoqilgʻi-energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash choralariga eʼtibor qaratish topshirildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
O'zA