Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga taʼsirini kuchaytirishga yoʻnaltirgan holda qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Mamlakatimizda islohotlarning faol amalga oshirilishi munosabati bilan davlat va jamiyatni rivojlantirishga oid qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning soni va koʻlami oshdi.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlillar qonun hujjatlarini qoʻllash samaradorligini tahlil qilish va baholash faoliyati yetarlicha tashkil qilinmaganligi, ularning natijadorligini monitoring qilishning taʼsirchan tashkiliy-huquqiy mexanizmi toʻliq yoʻlga qoʻyilmaganligini koʻrsatmoqda.
Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash samaradorligini yanada oshirish, notoʻgʻri yoki ziddiyatli huquqni qoʻllash amaliyotiga olib keladigan normalar paydo boʻlishining oldini olish, ularni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonuni 42-moddasiga muvofiq davlat boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining monitoringi amalga oshirilishi lozimligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini oʻtkazish tizimini (keyingi oʻrinlarda – huquqiy monitoring) joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar huquqiy monitoringning asosiy vazifalari etib belgilansin:
normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining yagona amaliyotini joriy etish;
huquqni qoʻllash amaliyotining normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish maqsadlariga muvofiqligini oʻrganish;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning toʻliqligini taʼminlash;
normativ-huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini taʼminlash;
normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar, korrupsiyaga oid omillar, bir-birini takrorlovchi va kollizion normalarni aniqlash va bartaraf etish;
normativ-huquqiy hujjatlardagi yagona tushuncha va atamalar tizimini yaratish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
normativ-huquqiy hujjatlarni toʻlaqonli ijro etish davlat boshqaruvi organlarining ustuvor vazifasidir;
normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish samaradorligi ularni amalda qoʻllash boʻyicha huquqiy monitoring oʻtkazish yoʻli bilan aniqlanadi;
huquqiy monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida tartibga solish predmeti boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha amalga oshiriladi;
huquqiy monitoring Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan huquqiy monitoring oʻtkazish rejasiga (keyingi oʻrinlarda – monitoring rejasi) muvofiq amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining topshirigʻiga asosan qoʻshimcha huquqiy monitoring oʻtkazish talab etilgan taqdirda, huquqiy monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan monitoring rejasiga qoʻshimcha kiritilmasdan amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring oʻtkazilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tanlab olib, takroriy huquqiy monitoring oʻtkazishga haqli;
huquqiy monitoringni oʻtkazishda davlat boshqaruvi organlari advokatlar, ilmiy-taʼlim muassasalari mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini, shuningdek, fuqarolarni shartnoma asosida jalb qilishga haqli. Ushbu tadbirlarni moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan byudjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlarining huquqiy monitoringni oʻtkazish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus vakolatli organ etib belgilansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi huquqlar berilsin:
davlat boshqaruvi organlari tomonidan oʻtkaziladigan huquqiy monitoringda ishtirok etish;
davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring yakunlari boʻyicha oʻz vaqtida taqdim etilmagan, notoʻgʻri, ishonchsiz yoki toʻliq boʻlmagan axborot taqdim etilgan taqdirda, ularga nisbatan huquqiy monitoringni oʻtkazishdagi qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish.
6. Davlat boshqaruvi organlari:
a) har yili 1-fevralga qadar:
huquqiy monitoring oʻtkazilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxatini shakllantirishni va birinchi rahbar imzosi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etishni;
monitoring rejasiga muvofiq oʻtgan yilda oʻtkazilgan huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisida hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etishni;
b) har chorakda monitoring rejasiga muvofiq tahliliy maʼlumotlar hamda normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kiritilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi har yili 20-fevralga qadar:
a) davlat boshqaruvi organlarining takliflari asosida monitoring rejasi loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) davlat boshqaruvi organlari tomonidan oʻtgan yilda oʻtkazilgan huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisida quyidagilarni nazarda tutuvchi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
monitoring rejasining bajarilishi natijalari;
normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki ularni bekor qilish zarurati;
huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, qonunchilikdagi boʻshliq va ziddiyatlar, shuningdek, korrupsiyaga oid normalarni bartaraf etish choralarini kuchaytirish boʻyicha takliflar;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, huquqni qoʻllash amaliyotini hamda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi organlari.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi har yili 20-martga qadar monitoring rejasini hamda huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisida hisobotni Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida muhokama qilgan holda tasdiqlasin.
9. Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilab qoʻyilsinki:
davlat boshqaruvi organlari rahbarlari huquqiy monitoringni sifatli va oʻz vaqtida oʻtkazish, monitoring rejasi boʻyicha takliflarni puxta ishlab chiqish hamda ularning oʻtkazilishi holati boʻyicha axborotni belgilangan muddatlarda kiritish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;
huquqiy monitoringni oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlar, shu jumladan, mazkur qarorning 6-7-bandlarida nazarda tutilgan tashkiliy tadbirlar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida tashkil etiladigan maxsus elektron maydonchada amalga oshiriladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida:
huquqiy monitoring ishtirokchilari oʻrtasida tezkor elektron hujjat aylanishini taʼminlash;
monitoring rejasini shakllantirish;
oʻtkazilgan huquqiy monitoring yakunlari boʻyicha tayyorlangan materiallarni joylashtirish imkonini yaratuvchi maxsus elektron maydonchani joriy etish choralarini koʻrsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi muntazam ravishda maxsus elektron maydonchaning toʻgʻri boshqarilishini muvofiqlashtirsin, shuningdek, oʻtkazilgan huquqiy monitoring yakunlari boʻyicha joylashtirilgan materiallarni tahlil qilib borsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ–3666-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV