Boy tariximizga munosib buyuk kelajagimizni barpo etadigan zamon keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning 31-yanvar kuni poytaxtimizning Olimlar ko‘chasidagi ilmiy-tadqiqot institutlariga tashrif buyurdi.
Mazkur hududda ilm-fanning turli yo‘nalishlarida bir necha ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat olib boradi.
Ma’lumki, 2020-yil mamlakatimizda Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qilindi. Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida shu boradagi maqsadlarga to‘xtalar ekan, har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yo‘nalishini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiyada fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha sharoitlar yaratilishi belgilandi.
Bugungi kunda yer qa’rini geologik o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimidagi 4-ta muassasa – Geologiya va geofizika instituti, Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti, Mineral resurslar instituti, Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti tomonidan olib boriladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur institutlar negizida yaxlit majmua – Geologiya fanlari universiteti tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu universitet kampusiga tamal toshi qo‘ydi.
Mazkur muassasa ta’lim va ilm-fan klasteri shaklida tashkil etiladi. 4-ta institutning moddiy-texnik bazasi va ilmiy kadrlar salohiyati birlashtirilib, eng ilg‘or uskunalar bilan jihozlanadi. Sankt-Peterburg tog‘-kon universiteti va boshqa nufuzli dargohlar bilan hamkorlikda ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi universitetning ahamiyatini tushunish uchun birgina misol: mamlakatimizda yiliga ko‘plab yirik konlar topilayapti. Ana shu konlardagi xom ashyoni qayta ishlash korxonalari qurilayapti. Lekin ularda ishlaydigan, zamonaviy texnikani o‘zlashtirgan mahalliy kadrlar yetishmasligi sababli mineral resurslarimiz xorijlik mutaxassislar yordamida o‘zlashtirilayapti. Natijada tabiiy boyliklarimizning kattagina qismini ularga berishga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu jihatdan olganda, yangi faoliyat boshlaydigan universitet tog‘-kon sanoatida ishlaydigan, geologiyaning so‘nggi yutuqlarini o‘zlashtirgan mutaxassislar tayyorlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari shu yerda ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan suhbatlashdi.
– Bir paytlar O‘zbekistonda geologiya ancha rivojlangan, raqobatbardosh soha edi. Hatto boshqalar kelib, yurtimiz mutaxassislaridan tajriba o‘rganib ketardi. Lekin oxirgi o‘ttiz yilda bu soha e’tibordan chetda qolib ketdi. Bor salohiyatni saqlab qololmadik. Olimlarga yo‘nalish, rag‘bat bo‘lmadi. Zamonaviy kadrlar yetishib chiqmadi. Aslida geologik tadqiqotlar iqtisodiyotning hamma sohalari uchun kerak. Tashxissiz bemorni operatsiya qilib bo‘lmaganidek, geologiyasiz sanoatni rivojlantirib bo‘lmaydi. Biz bugun shu soha rivojiga asos bo‘ladigan ilm dargohiga poydevor qo‘ymoqdamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari Geologiya fanlari universiteti qurilishiga oid loyihalar bilan tanishdi. O‘quv binolari va laboratoriyalarni chet el tajribasi hamda muayyan kasb yo‘nalishlaridan kelib chiqib qurish, maydonlardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga tashrif buyurib, olimlar, yosh tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish tarmoqlari vakillari bilan uchrashdi.
Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda esa yil nomiga munosib ravishda bunday e’tibor yanada kuchaytiriladi. Sohadagi dolzarb masalalar hal etilib, ilmiy-tadqiqot faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi. Yangi ilmiy muassasalar va yo‘nalishlar tashkil etilishi shular jumlasidan.
2019-yil 29-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Uni hayotga tatbiq etishning amaliy platformasini yaratish maqsadida Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi tashkil etildi.
Fanlar akademiyasi va uning institutlariga “yangidan hayot baxsh etish” natijasida tizimdagi ilmiy muassasalar soni 20-tadan 35-taga yetdi. Akademiyaga saylovlar qayta tiklandi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi, bir qator innovatsiya markazlari, ilmiy klaster va texnoparklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan uch yilda ilm-fan sohasini moliyalashtirish 4-karra ko‘paydi. Ilmiy xodimlarni moddiy rag‘batlantirish maqsadida ularning ish haqlari 3-barobar oshirildi. Fan doktori va nomzodlari uchun alohida ustama haq belgilandi. Joriy yildan Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat budjetidan moliyalashtirishga o‘tkazildi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari ilm-fan vakillarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham izchil davom ettirilishini ta’kidladi.
– Endi olimlarimiz ham mas’uliyatni chuqur his qilgan holda, tadqiqotlarning amaliy natijalari bilan tegishli sohalar rivojiga munosib hissa qo‘shishlari lozim. Akademiklardan ham, ilm-fan sohasiga ilk qadam qo‘yayotgan yosh olimlardan ham katta shijoat va amaliy natijadorlik talab etiladi, – dedi Prezident.
Mamlakatimizda matematika, kimyo-biologiya va geologiya ilmlarini rivojlantirish, kelgusi yillardagi taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida ochiq muloqot bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning matematika fani bo‘yicha salohiyati dunyo miqyosida tan olinganini, funksional tahlil va differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va algebra yo‘nalishlari bo‘yicha nufuzli maktablarimiz faoliyat yuritayotganini, yetti nafar matematik olim Butunjahon fanlar akademiyasi a’zosi ekanini alohida ta’kidladi.
Ko‘plab xorijiy ilm-fan markazlari, xususan, Bonn, Kembrij, Parij, Seul kabi yirik shaharlardagi yetakchi ilm dargohlari bilan birgalikda qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishga oid qarori ijrosi doirasida poytaxtimizdagi Talabalar shaharchasida Fanlar akademiyasining Matematika instituti uchun zamonaviy talablar asosida yangi bino barpo etilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda matematikada ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan bog‘lash, raqamli iqtisodiyot uchun mustahkam poydevor yaratish borasidagi dolzarb vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Yoshlarda matematika faniga qiziqishni kuchaytirish, iqtidorli bolalarni seleksiya qilib, ixtisoslashtirilgan maktablar va keyinchalik oliy ta’lim muassasalariga qamrab olish ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi. Bolalar uchun mazkur fandan oddiy va tushunarli tilda yozilgan ommabop darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratish, matematik ongni, kerak bo‘lsa, bog‘chadan boshlab shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
– Matematika hamma aniq fanlarning asosidir. Bu fanni yaxshi bilgan bola aqlli, keng tafakkurli bo‘lib o‘sadi, istalgan sohada muvaffaqiyatli ishlab ketadi, – dedi Prezident.
Har bir tuman markazida bittadan matematika faniga ixtisoslashgan maktab tashkil etib, ularda ishlaydigan o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustama haqlar to‘lash bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Ushbu muassasalarda o‘quv jarayonini ilmiy-metodik ta’minlash uchun Fanlar akademiyasining Matematika instituti hamda Xalq ta’limi vazirligi mas’ul etib belgilandi.
Matematika fani bo‘yicha o‘quvchi, talaba va o‘qituvchilar o‘rtasida turli tanlovlar o‘tkazib, g‘oliblarni munosib rag‘batlantirish, olimpiada tizimini takomillashtirgan holda sovrindorlarga beriladigan mukofotlarni ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.
O‘qitish sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, matematika fanidan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimini joriy etish zarurligi qayd etildi. Bunday sertifikat egasiga oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishda matematika fanidan maksimal ball beriladi.
Yuqori malakali pedagoglar va ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimi samarasini oshirish, Matematika institutida ilmiy daraja beruvchi kengashga to‘liq mustaqillik berish lozimligi qayd etildi.
Mamlakatimizda matematika fani bo‘yicha nufuzli xalqaro anjumanlar o‘tkazish, davlat budjeti va “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan har yili 100-nafar olimni xorijdagi ilmiy tadbirlar va stajirovkalarga yuborish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Bugun O‘zbekistonda kimyo yo‘nalishi bo‘yicha to‘rtta ilmiy-tadqiqot muassasasi mavjud, ularda 250-nafardan ziyod ilmiy xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Yaratilgan ishlanmalar asosida yangi o‘g‘itlar, defoliantlar, o‘sish stimulyatorlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Prezidentimiz kimyo sohasi mineral o‘g‘it ishlab chiqarish bilan cheklanib qolayotgani, bu yo‘nalishdagi ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.
Ilmiy ishlanmalarni joriy qilish samaradorligini oshirish, buning uchun tadqiqotlarning tarmoq korxonalari ehtiyojiga hamohangligini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
“O‘zkimyosanoat” va “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatlariga o‘z tizimidagi yirik korxonalarda zamonaviy infratuzilmaga ega tajriba-ishlab chiqarish laboratoriyalari tashkil etish, ularni fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga yo‘naltirish esa Innovatsion rivojlanish vazirligi zimmasiga yuklandi.
Mineral resurslardan foydalanish unumdorligini oshirish maqsadida “Ko‘mir va materiallar kimyosi” ilmiy-tajriba laboratoriyasini, Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo institutida “Ko‘mir kimyosi va texnologiyasi” ilmiy yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Zamonaviy qurilish materiallari yaratish bo‘yicha yangi ilmiy muassasalar, xususan, yangi kompozit materiallar va innovatsion kimyo texnologiyalari bo‘yicha tadqiqotlar olib boradigan laboratoriya tarmog‘ini tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Biologiya fani farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish uchun fundamental va texnologik asos bo‘lib xizmat qiladi. Bugun bu yo‘nalishdagi 7-ta ilmiy-tadqiqot muassasasida 600-nafarga yaqin ilmiy xodim faoliyat ko‘rsatmoqda.
Prezidentimiz jahon bozori va ilm-fanidagi tendensiyalarni qayd etib, agro va biotexnologiyalar, oziq-ovqat, jumladan, fudo-miks, bio-tibbiyot va farma-biotexnologiyalari yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Oziq-ovqat tarkibi va uning inson salomatligiga ta’sirini o‘rganish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib etish muhimligi ta’kidlandi.
Botanika instituti faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Mamlakatimiz o‘simlik va hayvonot dunyosining raqamli davlat kadastrini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Bu yuqori darajadagi ilmiy tadqiqotlarni rejalashtirish, biologik muhofaza choralarini belgilash, soha rivojiga oid muhim amaliy qarorlarni qabul qilish imkoniyatini yaratadi.
Tibbiyot va farmatsevtika sohalarida DNK va hujayraviy texnologiyalar, genetik tahlillar, yangi biomateriallar va biopolimerlarni ishlatish amaliyotini rivojlantirish, salohiyatli iste’molchilar bilan ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yana bir ustuvor yo‘nalish – bu sanoat uchun mineral xom ashyo bazasini ta’minlash bilan bilan bog‘liq bo‘lgan geologiya sohasidir.
Mamlakatimizda foydali qazilmalarning 70-dan ziyod turi bo‘yicha 2-mingdan ortiq konlar aniqlangan. Lekin qazib olish va qayta ishlash oson bo‘lgan konlar tobora kamayib bormoqda.
Yangi konlar topish uchun yer qa’rining yanada chuqurroq qatlamlarini geologik o‘rganish, murakkab tarkibli konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha sohaga ilmiy asoslangan ilg‘or usullar va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilishni zamonning o‘zi taqozo etmoqda.
Toshkentda tashkil etiladigan Geologiya fanlari universiteti mazkur maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari sohadagi ilmiy tadqiqotlarni yanada kengaytirish maqsadida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni faollashtirish, bunga davlat maqsadli grantlari bilan birga xorijiy grantlarni ham jalb etish zarurligini qayd etdi.
Geologiya va kon-metallurgiya kombinatlari salohiyatini birlashtirish, zamonaviy Geo-innovatsion texnologiyalar laboratoriyasi tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, «Raqamli geologiya» va «Tog‘ jinslari va minerallarning milliy elektron bazasi» loyihalarini amalga oshirish, talabalarga yuqori aniqlikdagi kosmik suratlar asosida yerni masofadan zondlash usullarini o‘qitish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va doktorantura tizimining natijadorligini rag‘batlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Dissertatsiyasini muddatidan avval himoya qilgan doktorantlar va ularning ilmiy rahbarlari yoki maslahatchilarini munosib rag‘batlantirish maqsadida tejalgan mablag‘larni to‘liq to‘lab berish amaliyotini joriy qilish taklifi bildirildi.
Mutasaddilarga ilm-fan sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, unda o‘rta va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ilm-fan, texnologik va innovatsion taraqqiyot asoslarini belgilash vazifasi qo‘yildi.
– Bizning buyuk tariximiz bor, buyuk kelajagimizni barpo etadigan zamon keldi, – dedi pirovardida davlatimiz rahbari.
Tanqidiy-tahlil ruhida o‘tgan ochiq muloqotda ilm-fan yo‘nalishlarida yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, yosh tadqiqotchilar, oliy o‘quv yurtlari talabalari so‘zga chiqib, mazkur tarixiy muloqotda mamlakatimiz taraqqiyoti uchun suv va havodek zarur bo‘lgan ilm-fan sohasi bo‘yicha dolzarb masalalar o‘rtaga tashlanganini ta’kidladi. Aniq fanlarni rivojlantirish, matematika, kimyo-biologiya, geologiya yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, olimlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, bilimli, malakali kadrlar tayyorlashni yangi, sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan qator takliflar bildirildi.
Davlatimiz rahbari olimlar va yoshlar bildirgan takliflar yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
O'zA