Yangi O‘zbekistonning yangi saylovlari: yutuqlar, muammolar va yechimlar
Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq qariyb ikki yil davom etgan g‘oyat mas’uliyatli jarayon yakunlandi: mamlakatimiz yangi parlamenti hamda mahalliy Kengashlari shakllantirildi. Hukumat va hokimlar tarkibi yangilandi. Saylovlar ko‘ppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, dunyoda umume’tirof etilgan demokratik standartlarga mos tarzda o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev alohida ta’kidlaganidek, “Saylovlar O’zbekistonimiz uchun katta siyosiy imtihon bo‘ldi. Xalqimiz bu sinovdan yorug‘ yuz bilan o‘tdi”.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi, O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Mirzo Ulug‘bek ABDUSALOMOV bilan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ushbu muhim voqea yakunlari haqida suhbatlashdik.
Yorug‘ yuz bilan
— Mirzo Ulug‘bek Elchiyevich, o‘tgan saylovlarning Sizni eng quvontirgan jihatlari nimada bo‘ldi?
— Hammamizning yuzimizni yorug‘ qilgan omillar haqida gapiradigan bo‘lsak, eng avvalo, saylovlarning mamlakatimizda mustahkam qaror topgan tinchlik va osoyishtalikda, xalqimizga xos bag‘rikenglik va olijanoblik, mehr-oqibat, izzat-hurmat, siyosiy-huquqiy madaniyat, qadimiy an’analarimizga mos muhitda o‘tganini ta’kidlagan bo‘lar edim.
Ba’zi davlatlarda bo‘lgani kabi demokratiyani boshboshdoqlik, so‘z erkinligini betgachoparlik, deb tushunish, jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish holatlari kuzatilmadi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayon adolatli, halol va shaffof, umume’tirof etilgan standartlar va eng maqbul amaliyotlar, mamlakatimizning saylovlar sohasidagi majburiyatlariga binoan o‘tkazildi.
Buni saylovlar jarayonini bevosita kuzatib borgan nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament Assambleyasi, YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, ShHT, MDH, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi missiyalari va xorijiy mamlakatlarning yuzlab kuzatuvchilari ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularidagi e’tiroflar ham yaqqol tasdiqlab turibdi.
Eng muhimi, saylovchilarimiz o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishi uchun barcha sharoit yaratildi va xalqimiz bu imkoniyatdan samarali foydalandi.
Bularning barchasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotini bosqichma-bosqich o‘zgartirish va yuksaltirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli, izchil va dadil islohotlar berayotgan yuksak samaralardandir.
Yuksak sharaf
— Yangilanayotgan O‘zbekistonning yangi parlamentidan xalqimizning umidi katta.
— Albatta! Parlament saylovi natijalariga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatini va Senatining 98 nafar a’zosini ro‘yxatga oldi. Shulardan 14 nafari Prezidentimizning Farmoniga binoan Senat a’zosi etib tayinlandi. Yangi parlamentning har ikki palatasi va mahalliy Kengashlarning ilk majlislari bo‘lib o‘tdi. Siyosiy partiyalar quyi palatada o‘zlarining fraksiyalarini tuzdi.
“Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar” shiori ostida o‘tgan saylovlar natijasida konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekistonning qonun chiqaruvchi hokimiyati va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi davriylik prinsipi asosida yangilanishi ta’minlandi. Saylovlar jarayonining davomi sifatida, ijroiya hokimiyati qaytadan shakllantirildi. Bu xalqimiz va Vatanimiz manfaatlariga xizmat qiladigan adolatli qonunlar va qarorlar qabul qilishda muhim o‘rin tutadi.
Saylovchilar, ya’ni 33 millionlik xalqning, davlatimiz rahbarining yuksak ishonchiga sazovor bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydigan ulkan sharafdir.
Xalqaro kuzatuvchilar qayd etganidek, zamonaviy O‘zbekiston tarixida ilk bor real raqobat muhitida o‘tgan bu galgi saylovlarda deputatlik, senatorlik mandatiga erishish hech kimga oson bo‘lgani yo‘q. Bu tabiiy. Deputatlik mandatlari uchun beshta siyosiy partiyaning nomzodlari qizg‘in kurash olib bordi. Qanchadan-qancha muammolar ko‘tarildi. Qanchadan-qancha yangi g‘oyalar, fikrlar o‘rtaga tashlandi, tanqidiy gaplar aytildi. Partiyalar va nomzodlar tomonidan saylovoldi uchrashuvlarida qanchadan-qancha va’dalar berildi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “...o‘zingiz ayting, oldingi parlament saylovlarida mana shunday siyosiy jarayonni — yutuqni yutuq, kamchilikni kamchilik deb ochiq ayta oladigan muhitni tasavvur qila olarmidik?”
Shu bois parlamentda bo‘ladimi, mahalliy Kengashlarda bo‘ladimi, qaysi darajadaligidan qat’iy nazar, endi har bir deputatning hamda har bir senatorning zimmasida har bir saylovchi, har bir fuqaro, butun xalqimiz va Prezidentimiz oldida yuksak mas’uliyat yuki bor. Bu sharafli yukning nomi xalq farovonligini yanada oshirish, O‘zbekistonimizning eng rivojlangan demokratik davlatlar safidan mustahkam joy olishi uchun shu yurt farzandi sifatida munosib hissa qo‘shish.
Endi xalq vakillari o‘zining bor kuch-g‘ayrati, ilmiy, ijodiy va liderlik salohiyatini hamda insoniy fazilatlarini xalqimiz va mustaqil Vatanimizning ravnaqi yo‘lida safarbar etishlari lozim. Bu xayrli yo‘lda ularga ulkan muvaffaqiyatlar, qat’iy iroda, ko‘tarinki ruh, yuksak ishonch va omadlar tilaymiz.
Demokratiya ko‘zgusi
— Gazetamizda chop etilgan intervyularingizdan birida Siz saylovlarni xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning olti yuzga yaqin kuzatuvchilari monitoring qilib borishi kutilayotganini aytgan edingiz. Amalda kuzatuvchilar rekord darajada ko‘p bo‘ldi. Buning sababi nimada?
— Sababi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan demokratik o‘zgarishlarga dunyo hamjamiyatining qiziqishi katta ekanligida. Demokratik islohotlar yo‘li esa xalqimiz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘l sifatida belgilangan.
Saylov demokratiya ko‘zgusi, degan gap bejiz aytilmaydi. Negaki, har qanday mamlakatda ochiqlik, oshkoralik, so‘z erkinligi, saylash va saylanish huquqiga oid umume’tirof etilgan ko‘plab demokratik tamoyillar amalda nechog‘li ta’minlangani aynan saylovlar jarayonida namoyon bo‘ladi.
Bu galgi saylovlarning ham mazmun, ham shakl jihatdan mutlaqo yangicha o‘tganini, qayd etilganidek, o‘nta xalqaro tashkilot, ellikka yaqin davlatlarning 825 nafar kuzatuvchisi, mamlakatimiz va xorij ommaviy axborot vositalarining 1155 nafar vakili bevosita kuzatib bordi.
Kuzatuvchilar O‘zbekistonda modernizatsiya va demokratlashtirish jarayonlari ortga qaytmas xarakter kasb etib, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhasida ochiqlik va oshkoralik davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganiga to‘la ishonch hosil qildilar.
Masalan, YXHTning DIIHB hisoboti mazkur tashkilot tarixida 1999-yildan buyon O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish bilan bog‘liq barcha hisobotidan keskin farq qildi. Unda ta’kidlanishicha, saylovlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yildan O‘zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalarida o‘zgarishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlari doirasida o‘tkazildi.
Kodeks bergan imkoniyat
— Bu gal saylovlar birinchi marta Saylov kodeksi asosida o‘tdi. Uning natijalari haqida nimalar deyish mumkin?
— Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan saylov qonunchiligi tubdan yangilanib, milliy tajribamiz va xalqaro standartlarga mos Saylov kodeksi qabul qilinmaganida, demokratik saylovlarni o‘tkazishni tasavvur qilish ham qiyin edi.
2019-yilning 25-iyunida Saylov kodeksi amaliyotga kiritilgach, saylovlarning huquqiy asosi yanada mustahkamlandi. Bunda, avvalo, saylovga oid mavjud bir qator qonunlar va qonunosti hujjatlari yaxlit hujjatga jamlandi. Bevosita ishlaydigan qonun maqomini oldi.
Bu kimgadir mayda gapday tuyilar. Biroq “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida” kabi beshta qonun va yigirmadan ortiq boshqa huquqiy-normativ hujjatlar — turli nizomlar va yo‘riqnomalarni ko‘z oldingizga keltiring. Hammasini jamlasangiz, yostiqday kitob bo‘ladi. Buning ustiga, qo‘shiqdagi naqorat kabi mazkur qonunlarning har birida takrorlanuvchi normalar va qoidalarni aytmaysizmi?
Oddiy saylovchini qo‘yavering, saylov qonunchiligi bilan ilgari baqamti kelmagan uzoq qishloqdagi saylov uchastkasi a’zosi — o‘qituvchi yoki shifokorning saylovlarni o‘tkazish jarayonida boshi qotib, qanday ahvolga tushganini tasavvur qilish qiyin emas.
Davlatimiz rahbari yaqinda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yuksaltirish, siyosiy partiyalarning o‘z elektorati bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, partiyalarning siyosiy faolligini oshirish oldimizda turgan muhim masalalardan biridir”, deb alohida ta’kidlaganida katta hikmat bor.
Bunday xayrli ishlarni amalga oshirishda hajman ixcham, bayoni sodda, imkoniyati keng Saylov kodeksi juda qo‘l kelishi tabiiy.
Kodeks yaratgan imkoniyatlar haqida gapirar ekanmiz, jamiyat hayotida siyosiy partiyalar roli yanada kuchaytirilib, saylov qonunchiligi xalqaro saylov standartlariga moslanganini alohida qayd etish o‘rinli.
Barcha vakillik organlariga faqat siyosiy partiyalar tomonidan nomzod ko‘rsatish amaliyotiga o‘tilgani xalqimizning ulkan yutug‘idir. Ya’ni Qonunchilik palatasidagi 150 deputatlik o‘rni saqlab qolingani holda, O‘zbekiston Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti bekor qilindi. Natijada beshta siyosiy partiya o‘zaro raqobatga kirishdi va yangi — O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyi palatada 15 deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritdi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatining shakllantirilishi mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi mutlaqo yangi amaliyot bo‘ldi. Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining to‘laqonli ishlashini ta’minlash maqsadida shakllantirilgan mazkur ro‘yxatga saylov yoshidagi 20,5 milliondan ziyod fuqarolarga doir ma’lumotlar kiritildi va ulardan saylovlar jarayonida belgilangan tartibda foydalanildi.
Shuningdek, mazkur axborot tizimidan Qonunchilik palatasi, viloyat va tuman (shahar) jami 6 720 ta okrug saylov komissiyasi, 10 260 ta uchastka saylov komissiyasiga doir, shuningdek, barcha hududdagi uchastka saylov komissiyalarining jami 170 313 nafar a’zosiga oid ma’lumotlar joy oldi. Bu ortiqcha qog‘ozbozliklarga barham berib, saylovchilarning, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun mas’ullarning hisobini aniq yuritish, ovoz berish jarayonida barcha uchun katta qulayliklar yaratdi.
Ilgari Senat a’zolari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan nizom asosida saylanar va bunday amaliyot muayyan e’tirozlarga sabab bo‘lar edi. Bu gal Senat a’zoligiga da’vogarlar Saylov kodeksiga binoan senatorlik maqomiga erishdi.
Ijtimoiy xavfi katta emas va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar mamlakatimiz tarixida
birinchi marta ovoz berish sharafiga muyassar bo‘lgani ham saylov amaliyotidagi eng muhim yangiliklardandir.
22-dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ta’kidlab aytdiki, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ro‘yxatga olingan saylovchilarning 2715 nafari yoki 75 foizi soat 11.00 ga qadar ovoz berish huquqidan to‘liq foydalandi.
Vazirning qayd etishicha, saylov kuniga qadar 18 nafar deputatlikka nomzod, xalqaro tashkilotlarning 4 nafar kuzatuvchisi hamda bir jurnalist qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi shaxslar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
Saylov kodeksining 33-moddasiga binoan, saylovlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar ishtirok etgani mazkur siyosiy tadbirni o‘tkazish jarayonida jamoatchilik, ya’ni xalq nazoratini sezilarli darajada oshirish, saylovlarning ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qildi. Beshta siyosiy partiya va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jami 70 mingdan ziyod vakillari birinchi marta saylovlarni bevosita kuzatib bordi.
Ko‘zlarda qalqigan yosh
— 22 dekabr kuni ertalab ovoz berish uchun borganimizda saylov uchastkasi gavjum edi. Roppa-rosa soat sakkizda mamlakatimizning Davlat madhiyasi yangradi. Hamma to‘lqinlanib ketganini, ayrimlarning ko‘zida yosh qalqiganini ko‘rdik...
— Avvalgi qonunchilikda bunday norma yo‘q edi. Saylov kodeksining 54-moddasiga asosan o‘tgan saylovda birinchi marta barcha saylov uchastkalarida, jumladan, xorijdagi ellik beshta saylov uchastkasida ham ovoz berish boshlanishidan avval Vatanimizning Davlat madhiyasi yangradi. Muhim siyosiy tadbirning bunday tantanavor boshlanishi barchamizning dilimizda ozod va obod Vatanimizga faxr-iftixor tuyg‘ularini oshirishga xizmat qilishi, shubhasiz.
Yurtdoshlarimiz minnatdorligi
— Saylovlarda muddatidan oldin ovoz beruvchilar soni salmog‘i keskin oshganining guvohi bo‘ldik. Buning ahamiyati qanday?
— Muddatidan oldin ovoz berishga oid norma — xalqaro saylov standartlariga mos. Saylovchilar uchun qulay imkoniyat. Ushbu jarayon Markaziy saylov komissiyasining qaroriga binoan, 12 — 18 dekabr kunlari o‘tkazildi. Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘la olmagan 150 ming saylovchi, jumladan, qariyb 90 ming fuqaro xorijda muddatidan oldin ovoz berdi. Bu umumiy saylovchilar salmog‘ining bir foizidan ham kam, ammo 2014-yilgi parlament saylovida muddatidan avval ovoz berganlardan 18 baravar ko‘pdir.
— Xorijda yashab turgan barcha saylovchilar uchun ovoz berish imkoniyati yaratilganini yurtdoshlarimiz minnatdorlik bilan kutib oldilar.
— Bu ham Saylov kodeksiga muvofiq yaratilgan qulaylikdir. Birinchi marta xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratildi. Avvallari faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolargina ovoz berishda qatnashardi. Raqamlarga chaqadigan bo‘lsak, bu gal 38 mamlakatda tashkil etilgan ellik beshta saylov uchastkasida 2014 yildagidan 10 baravardan ko‘proq — 112 411 nafar saylovchi ovoz berdi.
Yorqin samara
— Mirzo Ulug‘bek Elchiyevich, yangi parlamentimizning quyi palatasini ijtimoiy tarmoqlarda kimdir hazillashib “xonimlar ijodxonasi” deb atabdi.
— Quyi palatada qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanadigan deputatlarning 48 nafari — 2014-yildagidan ko‘ra 3 baravar ko‘p — ayollardir. Bunga Senatdagi va mahalliy Kengashlardagi minglab xotin-qizlarni qo‘shsangiz, ularning xalq vakillik organlaridagi salmog‘i yanada oshadi.
Bu mamlakatimizda gender tengligi va bag‘rikengligini ta’minlash, xotin-qizlarning davlat va jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid qarorlar qabul qilinishidagi ishtirokini, saylov huquqlari va imkoniyatlarini yanada kengaytirish, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamiyat hayotidagi faolligi va maqom-mavqeini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin samarasidir.
Kamchilik va nuqsonlar
— Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda samarali ishlar amalga oshirilganini, hatto uncha-muncha yutuqlarni tan olavermaydigan YXHTning Demokratik insti-tutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi ham e’tirof etdi. MDH mamlakatlari kuzatuv missiyasi vakillari esa yuksak darajada o‘tkazilganini tasdiqladi. Shu bilan birga, saylov kampaniyasi davrida joylarda ayrim qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani ham sir emas.
Saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish o‘ta mas’uliyatli jarayon, ko‘pning ko‘magi bilan bitadigan, ko‘p vaqt talab qiladigan, serzahmat ish. Ovoz berish jarayonida 10 mingdan ortiq saylov uchastkalarida 180 mingga yaqin odamlar ish olib bordi. Garchi ular, ya’ni uchastka saylov komissiyalari a’zolari, saylov qonunchiligi bo‘yicha malakali ekspertlar tomonidan seminar-teringlarda astoydil o‘qitilgan va ko‘nikmasi oshirilgan bo‘lsa-da, kasbi saylov amaliyoti bilan bevosita bog‘liq emasligini e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. Ularning ko‘pchiligi o‘qituvchilar, oddiy fuqarolar yoki jamoat tashkilotlari vakillaridir. Qay biridir e’tiborsizlik yoki beparvolik qilishi va xatoga yo‘l qo‘yishi ehtimoldan holi emas.
Kamchilik va nuqsonlar, ya’ni bir kishi tomonidan bir necha saylovchi o‘rniga ovoz berishga, saylov kuni muayyan nomzodni alqab tashviqot yuritishga urinish, ovoz berish yakunlariga doir hujjatlarni noto‘g‘ri rasmiylashtirish ilgari ham bo‘lgan. Faqat ochiq aytilmagan. Tan olinmagan.
Yangilanayotgan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning sharofati shundaki, nafaqat qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, balki mavjud muammo va kamchiliklar ham baralla aytilib, ularni bartarf etish chora-tadbirlari belgilab olinmoqda.
Saylovlar jarayonida yo‘l qo‘yilgan ba’zi kamchiliklarni bartaraf etishda deputatlikka nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi yurtdoshlarimiz va blogerlarning xizmati katta bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida muammolarni atroflicha tahlil qilib, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish ustida hozirdan boshlab jiddiy o‘ylash zarurligini alohida ta’kidladi. Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayoni bilan bog‘liq muammolarni o‘rganib, joriy yilda xalqaro ekspertlar ishtirokida forum o‘tkazish haqidagi taklifi to‘la qo‘llab-quvvatlangani saylov tizimini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibordan dalolatdir.
Endigi maqsadimiz — belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirishdan iborat.
Keng ko‘lamli o‘rganish
— Saylov uchastkalarining ? a’zolari saylov qonunchiligi bo‘yicha o‘qitilgani va ko‘nikmasi oshirilgani haqida gapirdingiz. Bunday seminartreninglar avvalgi saylovlar arafasida ham o‘tkazilgan. Farqi nimada?
— Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi qabul qilindi. Dasturda belgilangan ko‘lamli vazifalardan biri — barcha darajadagi saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitishga har qachongidan erta — 3 avgustdan kirishilib, 8 bosqichli seminar-treninglarda zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan unumli foydalanildi.
Yuqoridan quyiga qarab kengayib, takomillashib boradigan va interfaol usullar ustuvorlik kasb etgan o‘qitishlar jarayonida mamlakatimiz bo‘yicha 180 mingga yaqin kishilar malaka oshirdi. 20-oktabrdan 20-noyabrgacha o‘tkazilgan saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi tadbirlari esa, kuzatuvchilar e’tirof etganidek, umummilliy ko‘lam kasb etib, millionlab saylovchilarni qamrab oldi.
Bunday keng ko‘lamli o‘qitish va targ‘ibot ishlari mamlakatimiz tarixida birinchi marta tashkil etildi.
Ilgari bunday tadbirlar saylov kampaniyasi e’lon qilinganidan so‘ng — kech kuzda boshlanar, mashg‘ulotlar ko‘pincha butun tumandagi saylov komissiyalari rahbarlariyu a’zolari — 300 — 400 kishi bir mahobatli zalga yig‘ilib, ularga ikki-uch soat uzundan-uzun va zerikarli ma’ruzalar o‘qishdangina iborat bo‘lardi. Sababi — vaqt tig‘iz, moliyaviy imkoniyatlar malakali mutaxassislaru ekspertlarni o‘qitish jarayoniga keng jalb etish imkonini bermasdi.
Murojaatlar e’tiborsiz qolmaydi
— Saylovlar jarayonida aholining murojaatlari va shikoyatlari soni odatdagidan ko‘paygan bo‘lsa kerak?
— Saylovlar jarayonida murojaatlar har qachongidan ko‘p bo‘ldi. Bu — jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik muhitining tobora mustahkam qaror topib, xalqimizda adolatga bo‘lgan ishonch, el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ulari kuchayib borayotganidan dalolatdir.
Saylovchilarning murojaatlari ga alohida e’tibor bilan qarash, saylov qonunchiligi ijrosini nazorat qilish — Markaziy saylov komissiyasining, umuman, barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyatining bosh yo‘nalishi. Birorta murojaat e’tibordan chetda qolmasligi lozim.
Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida saylov kampaniyasi avvalidan to joriy yilning 7 yanvarigacha “Ishonch telefoni” (“Call center”) ishlab turdi. O‘zbekiston hududida yashovchi aholining 1197 bepul qisqa raqamli, xorijda istiqomat qilib turgan fuqarolarimizning esa (998) 55-502-44-44 raqamli telefon orqali tushgan barcha murojaatlariga Markaziy saylov komissiyasining mas’ul xodimlari, saylov bo‘yicha yetakchi ekspertlar va olimlardan iborat navbatchilar guruhi tomonidan o‘z vaqtida malakali javoblar qaytarildi. Tushgan 1021 murojaatning birortasi e’tibordan chetda qolgani yo‘q.
Saylovlar munosabati bilan aholi murojaatlarining tezkorlik bilan va qonuniy ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining 2019-yil 13-dekabrdagi farmoyishiga binoan, Oliy sudda hamda barcha sudlarda shtablar tuzilib, 2019-yilning 16-dekabridan 2019-yilning 3-yanvariga qadar hamma viloyatlar va tuman (shahar) ma’muriy sudlarida sudyalarning muntazam navbatchiligi tashkil etildi. Bunday navbatchilik prokuratura, ichki ishlar organlarining barcha bo‘g‘inlarida ham yo‘lga qo‘yildi.
Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda saylov qonunchiligining buzilishi borasida e’lon qilingan barcha xabarlarga tezkorlik bilan munosabat bildirildi. Markaziy saylov komissiyasining a’zolari, yetakchi mutaxassislari, zarur holatlarda prokuratura organlari vakillari bilan birgalikda qoidabuzarlik sodir etilgan joylarga zudlik bilan yetib borib, masalani sinchiklab o‘rgandi. Tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi. Tegishli organlar tomonidan ma’muriy ishlar ochilgan holatlar ham bo‘ldi.
Bularning barchasini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning, ayniqsa, inson huquqlariga hurmat va e’tibor yuksalib borayotganining yaqqol dalili sifatida ko‘rish mumkin.
Istifoda va ifoda
— Saylovlar jarayonida eng ko‘p istifoda etilgan so‘zlar ochiqlik va oshkoralik bo‘ldi. Bunday demokratik tamoyillar qanday ta’minlandi?
— Saylovlarda faqat ovoz berish yashirin kechdi. Barcha darajadagi saylov komissiyalari o‘z ishini ochiq-oshkora va shaffof olib bordi.
Saylov kampaniyasi monitoringini yuritgan ekspertlarning ma’lumotlariga qaraganda, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar hamda telegram kanallarda turli tillarda saylovlarga bag‘ishlangan jami 42 mingdan ortiq, jumladan, 4 mingga yaqin tanqidiy ruhdagi chiqishlar qayd etildi.
Siyosiy partiyalar o‘rtasida deputatlik o‘rinlari uchun kurash kutilganidan ham qiziqarli bo‘lganidan xabaringiz bor. Buni saylovoldi uchrashuvlarida, teledebatlarda, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarda, ijtimoiy tarmoqlar, siyosiy partiyalar veb-saytlarida, shuningdek, internet-nashrlarda, ilgari milliy saylovlarimiz amaliyotida kuzatilmagan mitinglarda, marafonlarda ko‘rish mumkin edi. Tadbirlarda yuz minglab saylovchilar ishtirok etdi.
Bu ham mamlakatimizda mustahkam qaror topib borayotgan so‘z va matbuot erkinligining amaldagi o‘ziga xos namoyonidir.
Og‘ir ishning yengil ko‘chishi
— Raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish 2020-yildagi eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida qanday rejalar bor?
— Mamlakatimizda bu borada izchil ishlar boshlanganiga ikki yildan oshdi. Jumladan, saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati joriy etildi va o‘tgan saylovlarda muvaffaqiyatli qo‘llanildi. Mazkur yangilikka saylov huquqi bo‘yicha yetakchi mutaxassislar, jumladan, xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan “innovatsion o‘zgarish” deb ta’rif berildi. Chunki ushbu tizimning xalqaro andozalardagi “bir saylovchi — bir ovoz” tamoyilini amalga oshirishdagi o‘rni beqiyosdir.
“Saylov-2019” mobil ilovasining ishga tushirilishi ham ana shunday muhim yangilik sifatida millionlab saylovchilar, saylov tashkilotchilari, ekspertlar, kuzatuvchilar, nomzodlar, partiyalar faollarining og‘irini yengil qildi. Ilovaga saylov bo‘yicha barcha normativ-huquqiy hujjatlar, barcha darajadagi saylov komissiyalarining tarkibi, manzili, telefon raqamlariga oid ma’lumotlar, saylov ishtirokchilariga mo‘ljallangan o‘quv materiallari, eslatma va uslubiy tavsiyalar, elektron kutubxona hamda savollarga javoblar o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida joylandi.
Mobil ilova, ayniqsa, turli darajadagi saylov komissiyalari a’zolarining ishida qo‘l kelgani borasida ko‘plab e’tiroflarni eshitdik.
Ayni paytda saylov kuni mamlakatimizning turli hududlaridagi oltmishta saylov uchastkasiga tajriba-sinov sifatida o‘rnatilgan 120 videokamera saylovchilarning ovoz berish jarayonini Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matubot markaziga va internet orqali onlayn rejimida butun dunyoga namoyish qilib turdi. Yigirmata saylov uchastkasida ovoz berish chog‘ida fuqarolarning shaxsini aniqlash uchun biometrik hujjatlarni “o‘qiydigan” oltmishta qurilmadan tajriba sifatida foydalanildi.
Prezidentimizning 2018-yil 4-oktabrdagi “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq milliy saylov tizimida izchil va tizimli ravishda amalga oshirilayotgan bunday o‘zgarishlar ko‘lami va salmog‘i Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida yanada oshadi.
Takomilda qikmat ko‘p
— Amaliyotdan kelib chiqib, saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish borasida takliflar ham tushgandir?
— Bunday takliflar doim bo‘lgan. Saylov qonunchiligi milliy huquqiy tizimdagi eng samarali va izchil rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biridir. Uni takomillashtirish, o‘qish-o‘rganish — davomli jarayon.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, ilgari ovoz berish kallai sahardan — soat oltida boshlanar va 14 soat davom etardi. Jamoatchilikning fikrini inobatga olib, Saylov kodeksida ovoz berish soat sakkizdan yigirmagacha belgilangani juda to‘g‘ri ish bo‘lganligi saylovlarda o‘z tasdig‘ini topdi.
Endi takliflar bo‘lyaptiki, saylovlarni o‘tkazish vaqti qorli-qirovli, sovuq qish faslidan ochiq-yoziq bahor yoki iliq kuz oylariga ko‘chirilsa, aholi uchun yana bir qulaylik yaratilar edi.
Saylov kuni ovozlarni sanab chiqish va dastlabki hisob-kitob natijalarini Markaziy saylov komissiyasiga rasman yuborish mexanizmlarini tezlashtirish va takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqish ham foydadan holi emas. Bunda raqamli texnologiyalardan foydalanish muhim o‘rin tutadi.
Umid qilamizki, mamlakatimizning yangi parlamenti saylov qonunchiligiga kiritilishi mumkin bo‘lgan bunday takliflarni inobatga oladi.
O‘tgan saylovlar O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar va taraqqiyot yo‘lidan dadil va og‘ishmay borayotganining yana bir yaqqol dalili, xalqimizning yuksak marralarga erishishiga qaratilgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar samarasi, Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar amalda ro‘yobga chiqayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.
“Xalq so‘zi” gazetasi