O‘zbekiston mehnat sohasidagi asosiy prinsiplar va huquqlarga rioya etishga sodiqligini namoyon qilmoqda
O‘zbekistonda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar izchil olib borilmoqda. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida keyingi uch yilning o‘zida 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Majburiy mehnatni butunlay yo‘q qilish, shuningdek odam savdosiga qarshi kurashish maqsadida Senat Raisi rahbarligida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etildi, Milliy ma’ruzachi instituti joriy etildi. Uning ikkita kichik komissiyasining faoliyati yo‘lga qo‘yildi, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari boshchiligida hududiy komissiyalar tashkil etildi. Bu ishga fuqarolik jamiyati vakillari jalb etildi.
XMTning 17 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi, qisqa vaqt ichida mehnatga majburlaganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadigan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ishlab chiqildi. Shu orqali O‘zbekiston xalqaro mehnat normalariga rioya etishga sodiqligini namoyon qilmoqda.
Toshkentda “Islohotlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida munosib mehnat” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, YUNISEF, YUNESKO, diplomatik korpus vakillari, Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida O‘zbekistonda aholining munosib ish bilan bandligini, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishni, agrar sektorni takomillashtirishni, qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlariga o‘tishni ta’minlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan paxta yetishtirishda majburiy mehnatning oldini olish monitoringi yakunlari muhokama etildi. Bunda O‘zbekistonning paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan muntazam foydalanish tugatilganligi qayd etildi. Paxta va g‘alla uchun davlat buyurtmasini Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020-yildan bekor qilish qarori ham ijobiy qabul qilindi.
XMT Bosh direktori o‘rinbosari X.Koller “XMT va O‘zbekiston hamkorligi majburiy mehnatga barham berish masalasi doirasidan chiqqan, bu masala O‘zbekiston uchun o‘tmishda qoldi”, deb ta’kidladi.
BMT loyihalarining O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi X.Freyzerning fikricha, ijtimoiy-iqtisodiy sohada, aholi, ayniqsa yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash, qashshoqlikni yo‘q qilish masalasida mamlakat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek hayot va faoliyatning barcha sohalarida fuqarolik jamiyatining faol ishtiroki uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga javob beradi.
“Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining ta’sischilaridan biri B.Friman majburiy mehnatga barham berishga, Milliy komissiya tomonidan bu masala bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni bajarish choralarini, shuningdek fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik bo‘yicha sa’y-harakatlarni ijobiy baholadi.
Hozirgi vaqtda Milliy komissiya tomonidan xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda davra suhbatining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.