Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2020-yilning 18-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 5-yig‘ilishi va O‘zbekiston-Vengriya biznes-forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga Vengriya delegatsiyasiga boshchilik qilib kelgan Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bilan uchrashdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan 2019-yil oktabr oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining majlisi doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Vazirlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi hamda “O‘zbekiston – Yevroittifoq” va xalqaro tashkilotlar shakllaridagi O‘zbekiston – Vengriya hamkorligini kuchaytirish uchun keng imkoniyatlar borligini tasdiqladi.
O‘zbekiston tomonidan o‘tgan yilning 1-fevralidan Vengriya fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz tartibning joriy qilinishi turistik sayohatlarning sezilarli o‘sishi uchun qulay sharoit yaratgani e’tirof etildi.
Tomonlar ikki mamlakat ilg‘or oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqlarni o‘rnatishga, jumladan ularning professor-o‘qituvchilari tarkibining malakasini oshirish borasida hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti bilan Vengriya Fanlar akademiyasi Yadroviy tadqiqotlar instituti o‘rtasida imliy almashinuvlarni yo‘lga qo‘yishga qiziqishning mavjudligini tasdiqladi.
Uchrashuvda xalqaro kun tartibining ayrim masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralarda Vengriya Elchisi Peter Santo ishtirok etdi.