Jamoatchilik Palatasi – dyemokratik tizimning muhim instituti
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etish taklifini bildirdi.
Bu taklif har bir yurtdoshimiz islohotlarning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanishiga, Vatanning hozirgi kuni va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini yanada chuqur his etishiga xizmat qiladi.
Konstitutsiyamizda xalq davlat hokimiyatining yagona manbai ekani belgilab qo‘yilgan. Fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishga keng jalb etilishi, islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish singari ustuvor yo‘nalishlar Harakatlar strategiyasida ham alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Xususan, jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish, xalq bilan muloqotning samarali mexanizmlarini joriy etish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, ijtimoiy sheriklikning samaradorligini yuksaltirish, fuqarolik jamiyati institutlarini taraqqiy ettirish, ularning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, mahalla institutlarining jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va faoliyatini kengaytirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish shular jumlasidandir.
Keyingi vaqtlarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va jamoatchilik nazoratini takomillashtirish bo‘yicha ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholini jamoat va davlat ishlarini boshqarishga faol jalb etish, fuqarolarning huquqiy madaniyati va yuridik savodxonligini oshirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashda samarali qarorlar qabul qilindi.
Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari roli oshirilmoqda. Ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan o‘zaro aloqalarini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi tuzildi. Shuningdek, kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni kompleks o‘rganish, tahlil qilish va baholashning yaxlit va mustaqil tizimini shakllantirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati mexanizmlari samaradorligini oshirish, ularni yanada rivojlantirishga oid takliflarni ishlab chiqish uchun ilmiy-amaliy maydon yaratish maqsadida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi tashkil etildi.
Har ikkala tuzilma faoliyatida mamlakatda ilg‘or xorij tajribasi asosida har bir soha va tarmoq bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan tizimini yaratish, jamoatchilik nazorati sohasida fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish kabi amaliy vazifalar belgilab berildi.
Bu jarayonlarda Jamoatchilik palatasi jamoatchilik vakillari va davlat organlari o‘rtasida bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajaradi. U mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy masalalarni hamjihatlikda hal qilish, ijtimoiy sheriklik munosabatlarini takomillashtirishning asosiy instituti bo‘lib xizmat qiladi.
Rustam KOMILOV,
Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi direktori
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 08.02.2020