TASHRIFLAR
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzAga Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida erishilgan natijalar, hamkorlikni rivojlantirishning joriy holati va istiqbollari xususida intervyu berdi.
– Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev saʼy-harakatlari bilan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarildi. Bugun Qozogʻiston va Oʻzbekiston oldida qanday umumiy maqsad va vazifalar turibdi?
– Mustaqillikning ilk kunlaridan buyon Qozogʻiston va Oʻzbekiston yelkama-yelka qoʻl tutib, murakkab davrlarda bir-birini qoʻllab-quvvatlab, bir-birining muvaffaqiyatlaridan quvonib kelmoqda. Xalqlarimiz oʻrtasida mamlakatlarimiz taraqqiyotiga erishishdek yagona maqsadga asoslangan mustahkam va oʻzaro uygʻun munosabatlar qaror topgan.
Davlatlarimiz oʻrtasida strategik sheriklikni mustahkamlashda Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti Nursulton Abishevich Nazarboyev va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev asosiy rol oʻynadilar.
Millat rahnamosi yaqin qoʻshnilar bilan aloqalarni rivojlantirishga doimiy ravishda alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Shuning uchun mamlakatingiz Qozogʻiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari sirasiga kiradi. Biz xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarimizni davom ettiramiz.
Hozirgi vaqtda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va chegaraoldi hamkorligini mustahkamlash asosiy vazifalardan hisoblanadi. Mamlakatlarimiz ushbu sohalarda yuksak salohiyatga ega. Hukumatlarimiz 2020 yilda oʻzaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, qoʻshma ishlab chiqarishlarni rivojlantirish sohalaridagi samarali va kengayib borayotgan hamkorlikka oid misollar mamlakatlarimiz manfaati yoʻlidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga boʻlgan intilishlarimizga toʻliq mos keladi.
Sheriklikning beqiyos istiqbollari tranzit-transport sohasida ham namoyon boʻlmoqda. Dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan Qozogʻiston va Oʻzbekiston uchun tranzit infratuzilmasini takomillashtirish va boshqa mamlakatlar bilan transport kooperatsiyasini rivojlantirish birinchi galdagi vazifalardandir.
Nur-Sulton va Toshkent oʻrtasida xavfsizlik borasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotgani ham oʻzaro ishonchdan dalolatdir. Biz barchamiz uchun umumiy boʻlgan terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy qurol savdosi, uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migratsiya va narkotrafik singari mintaqaviy muammolarga duch kelmoqdamiz. Mintaqamiz xavfsizligiga tahdid solayotgan Afgʻonistondagi vaziyat ham jiddiy xavotirga sabab boʻlmoqda.
Bularning barchasi bizdan tizimli, bahamjihat va ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi. Shuning uchun Qozogʻiston va Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻymoqda.
Suv muammosi bilan bogʻliq hamkorlik masalalari ham alohida ahamiyatga ega. Suv munosabatlarining barcha yoʻnalishlarida mintaqadagi boshqa sheriklar bilan yaqin hamkorlikda muntazam ravishda ishchi guruh yigʻilishlari oʻtkazilayotgani quvonarlidir.
Biz anʼanaviy ravishda madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratib kelmoqdamiz va bu xalqlarimiz tomonidan ijobiy qarshi olinmoqda.
Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida konstruktiv muloqot yoʻli bilan hal qilib boʻlmaydigan masala deyarli yoʻq ekani tahsinga sazovor. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik, xavfsizlik va jadal taraqqiyotning muhim omili hisoblangan ikki tomonlama hamkorlikning muvaffaqiyatli va samarali modelini ifoda etadi.
Mening nazarimda, Nur-Sulton va Toshkent oldida turgan mushtarak maqsad va vazifalar keng koʻlamli hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun kuchli turtki boʻlib xizmat qiladi.
– Maʼlumki, Elboshi Nursulton Nazarboyev va Prezident Shavkat Mirziyoyevni samimiy doʻstona munosabatlar bogʻlab turadi. Sizning Oʻzbekiston rahbari bilan aloqangiz qanday?
– Shavkat Miromonovich meni Qozogʻiston Prezidentligi lavozimiga kirishganim munosabati bilan birinchi boʻlib tabriklagan davlat rahbarlaridan. Unga samimiy soʻzlari uchun chin yurakdan minnatdorlik izhor etaman. Elboshimiz shaʼniga aytilgan ezgu tilaklarni ham Oʻzbekiston rahbarining bizning yurtimizga yuksak ehtiromi ifodasi deb bilaman.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda keng koʻlamli oʻzgarishlarni amalga oshirish va mamlakatingizni zamonaviy, xalqaro maydonda raqobatbardosh davlatga aylantirishdek tarixiy missiyani oʻz zimmasiga oldi. Uning davlat boshqaruvi tizimini izchil takomillashtirish, iqtisodiyot va moliya sektorini liberallashtirish, jamiyatning barcha jabhalarini modernizatsiya qilish yoʻlidagi iroda va qatʼiyati chinakam qiziqish va cheksiz hurmat uygʻotmoqda.
Shavkat Miromonovich barcha kuch-gʻayrati, bilimi va tajribasini ushbu olijanob maqsadlarga erishishga yoʻnaltirganiga uchrashuvlarimiz chogʻida shaxsan amin boʻlganman.
2017 yilda Qozogʻiston parlamenti Senati delegatsiyasi rahbari sifatida Toshkentga tashrifim chogʻida u bilan atroflicha suhbat qurganman. Oʻzbekiston rahbarining mamlakat taraqqiyotining barcha muhim yoʻnalishlariga strategik yondashuvi, mintaqa va dunyodagi vaziyatni chuqur anglashi shaxsan menda katta taassurot qoldirgan. Mamlakatlarimiz taraqqiyoti masalasida biz yakdil qarashga egamiz va bu gʻoyat muhim.
Bizning bunday ishonchli va muntazam muloqotlarimiz qardosh Qozogʻiston va Oʻzbekiston munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishiga qatʼiy ishonaman.
– Qozogʻistonda oʻtkazilgan Oʻzbekiston yili yakunlari haqida bugun qanday natijalarni qayd etish mumkin?
– Ushbu muhim voqelikni oʻtkazish haqidagi qaror ikki tomonlama munosabatlarimiz tarixida yorqin sahifa sifatida muhrlandi. Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili yuksak darajada oʻtdi. Mamlakatimizda xalqlarimiz, ilm-fan, madaniyat, taʼlim muassasalari, tadbirkorlik tuzilmalari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan 200 dan ziyod tadbir tashkil etildi.
Qozogʻiston – Oʻzbekiston birinchi mintaqalararo hamkorlik forumi ham muvaffaqiyatli oʻtdi. Uning yakuni boʻyicha ikki mamlakat hududlararo aloqalarini yanada rivojlantirishni koʻzda tutuvchi muhim hujjatlar imzolandi.
Hamkorlikning bu shakli chegaraoldi hududlarining oʻzaro hamkorligini rivojlantirishning muhim omili boʻlib xizmat qilishi, biznesning davlatlarimiz bozorlariga kirib borishini jadallashtirishi, ikki tomonlama savdoni sezilarli ravishda faollashtirish imkonini berishiga ishonchim komil. Shu yoʻsinda, oʻtgan yili mamlakatlarimiz oʻrtasida tovar aylanmasi taxminan 50 foizga oʻsib, 3 milliard dollarni tashkil qildi.
Ikki davlatning oʻzaro yaqinlashuvi xalqlarimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olinayotganini qayd etib oʻtmoqchiman. Binobarin, qardosh mamlakatga ilk davlat tashrifim Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili ochilishiga toʻgʻri kelganida chuqur ramziy maʼno bor.
– Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Qozogʻiston yilidan nima kutyapsiz?
– Birinchi navbatda, biz oʻzbekistonliklar Qozogʻiston yili tadbirlarida keng va faol ishtirok etishlariga ishonamiz. Oʻzbekistonning har bir fuqarosi ushbu ulkan voqeadan oʻzi uchun nimadir olishi va Qozogʻistonning bir boʻlagini doimo oʻz qalbida his qilishi biz uchun juda muhim. Shu bois, biz Qozogʻiston yili dasturini imkon qadar rang-barang va mazmunli tayyorlashga harakat qildik.
Ishbilarmonlar va siyosatchilar uchun biznes-forum, anjumanlar alohida ahamiyat kasb etsa, talabalar uchun taʼlimga oid koʻrgazmalar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, koʻplab madaniy, sport va sayyohlik tadbirlari ham tashkil etiladi.
Qozogʻiston yilining geografik qamroviga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Tadbirlar Oʻzbekistonning barcha hududlarida oʻtkaziladi. Shu orqali biz hududlararo kooperatsiyani yanada kengaytirish, aholi oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanishiga ishonamiz.
Savdo-sotiq, chegaraoldi hamkorligi, turizm, transport va madaniyat kabi sohalarga oid barchaga maʼlum tashabbus va loyihalar boʻyicha amalga oshirilayotgan izchil ishlar davom ettiriladi.
Shuningdek, nazorat-oʻtkazish punktlarimizni modernizatsiya qilish ishlarini nihoyasiga yetkazamiz, bu davlat chegaralaridan oʻtishda vaqtni sezilarli darajada tejash imkonini beradi. Zamonaviy chegara va bojxona infratuzilmasini yaratish – bizning maqsadimiz boʻlib qolaveradi. Bu oddiy fuqarolar uchun, biznes uchun zarur, bundan tashqari, bu ishlar mamlakatlarimiz sayyohlik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, biz Oʻzbekiston bilan iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha ishlarni davom ettirishga tayyormiz.
Bularning barchasi oʻzaro anglashuv va hamkorlikning yangi koʻpriklarini barpo etish imkonini beradi. Oʻzbek xalq maqolida aytilganidek: “Yon qoʻshnim – jon qoʻshnim”. Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Qozogʻiston yili xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstona va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonchim komil.
– Siyosatshunoslar 1990-yillardan boshlab Markaziy Osiyo haqida koʻp yozishadi. Bu borada Bjezinskiy va boshqalarning asarlarini eslash kifoya. Biroq tanqidiy prognozlarning birontasi ham amalga oshmadi. Markaziy Osiyoning jahon siyosatida oʻrnini qanday baholaysiz?
– Darhaqiqat, mustaqillikka erishilgandan boshlab koʻplab ekspert va kuzatuvchilar aksar hollarda Markaziy Osiyo taraqqiyotining salbiy ssenariysini prognoz qilgan edi. Mamlakatlarimizning parchalanib ketishi, nazorat qilib boʻlmaydigan terrorizm xavfining kuchayishi, qandaydir “xalifat”ga aylanishi, ichki nizolar, iqtisodiy va ijtimoiy tanazzullar bashorat qilingan edi.
Biroq Markaziy Osiyoni “bolqonlashtirish” prognozlari roʻyobga chiqmadi. Markaziy Osiyodagi har bir davlatning mustaqillik yillaridagi dadil qadamlari mintaqada barqarorlikni saqlash imkonini berdi, bu esa uzoq muddatli izchil taraqqiyotga mutahkam poydevor qurishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo taraqqiyotning yangi davrini boshdan kechirmoqda. Davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash, barcha dolzarb masalalar boʻyicha oʻzaro maqbul yechimlar topish tendensiyalari qayd etilmoqda. Buning uchun biz mintaqadagi barcha rahbarlarning siyosiy irodasi, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatdorlik tamoyillari asosida hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligi kabi eng asosiy jihatga egamiz.
2018 yilning mart oyida Qozogʻiston poytaxtida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtgan edi. Ushbu voqeani, hech bir mubolagʻasiz, mintaqaviy hamkorlikdagi yangi bosqich, deb atash mumkin. Uchrashuv davomida besh tomonlama hamkorlikning asosiy ustuvor yoʻnalishlari va kelgusi rejalar belgilab olindi. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida siyosiy muloqot sezilarli darajada oshdi, mintaqaga oid ichki va xalqaro aksariyat masalalarga doir qarashlar yaqinligi yoki bir-biriga mos kelishi oʻz isbotini topdi.
Hamkorlikning yangi surʼati hozirdanoq oʻz samaralarini bermoqda. Markaziy Osiyodagi tovar ayirboshlash hajmi ancha oshdi, avia-avtomobil va temir yoʻl yoʻnalishlari ochilmoqda, oʻtkazish punktlari modernizatsiya qilinmoqda, infratuzilma loyihalari amalga oshirilyapti. Ichki mintaqaviy iqtisodiy aloqalar mustahkamlanmoqda, chegaralarga oid masalalar kelishib olinmoqda, suv resurslari va ekologiyadan oqilona foydalanish masalalari birgalikda hal etilmoqda.
Mintaqalashtirish va kooperatsiya tendensiyalari zamonaviy dunyoni rivojlantirishning ajralmas qismidir. Hatto yirik va oʻziga toʻq mamlakatlar ham oʻz sheriklari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻymoqda.
Jahon tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, kichik va oʻrta davlatlar uchun hamkorlikning samarali platformalarini yaratish, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish oʻta muhim boʻlib, busiz uzoq muddatli va barqaror taraqqiyotga erishib boʻlmaydi.
Ayni paytda mamlakatlarimizning tabiiy yaqinlashuvini qandaydir “qotib qolgan mentalitet”, deb talqin etib boʻlmaydi. Markaziy Osiyodagi bugungi ijobiy jarayonlar faqat biz uchungina foydali boʻlib qolmay, mintaqadagi azaliy sheriklarimiz manfaatlariga ham xizmat qiladi. Qozogʻiston barcha manfaatdor davlatlar bilan hamkorlikning barcha shakllari uchun ochiqdir.